Saylov kodeksi 78-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat aʼzolari saylovi boʻyicha qoʻshma majlisini oʻtkazish

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, tegishli viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining qoʻshma majlisini (bundan buyon matnda qoʻshma majlis deb yuritiladi) chaqirish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Qoʻshma majlis, agar unda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, mahalliy Kengashlarga saylov yakunlari eʼlon qilinganidan (hammaga maʼlum qilinganidan) keyin uch kunlik muddatda Senat aʼzolarini saylash uchun qoʻshma majlislar oʻtkazilishini eʼlon qiladi. Markaziy saylov komissiyasining qoʻshma majlislarni oʻtkazish sanasi, vaqti hamda joyi koʻrsatilgan qarori ommaviy axborot vositalarida, shuningdek uning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi (hammaga maʼlum qilinadi). Qoʻshma majlisni Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi ochib, eng obroʻli, tajribali, katta yoshli deputatlar orasidan majlisga raislik qiluvchi toʻgʻrisida taklif kiritadi. Qoʻshma majlisning ishini olib borish uchun ochiq ovoz berish orqali uch kishidan besh kishigacha miqdorda ishchi hayʼat saylanadi, shuningdek tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun uch kishidan iborat Kotibiyat tuziladi.