Saylov kodeksi 84-modda. Senat aʼzolarining saylovi boʻyicha takroriy ovoz berish va ularning takroriy saylovi

Agar ovoz berish chogʻida belgilangan miqdorda Senat aʼzolari saylanmagan boʻlsa, saylanmay qolgan miqdordagi Senat aʼzoligi uchun ovozlarning zarur miqdorini toʻplamagan nomzodlar boʻyicha ana shu qoʻshma majlisning oʻzida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi. Senat aʼzolarining takroriy saylovi quyidagi hollarda oʻtkaziladi: agar saylov haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa; agar takroriy ovoz berish natijasida belgilangan miqdorda Senat aʼzolari saylanmagan boʻlsa. Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda takroriy saylov saylanmay qolgan miqdordagi Senat aʼzoligi uchun oʻtkaziladi. Senat aʼzolarining takroriy saylovi Senatga oʻtkazilgan asosiy saylovdan keyin koʻpi bilan oʻn besh kunlik muddat ichida oʻtkaziladi. Saylanmay qolgan miqdordagi Senat aʼzoligiga nomzodlar koʻrsatish va takroriy saylov oʻtkazish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.