Saylov kodeksi 89-modda. Saylovda ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar

Deputatlikka nomzodlar koʻrsatish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida tegishli hududiy, tuman, shahar saylov komissiyasiga, mahalliy Kengashlarga saylovlar Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bilan bir vaqtda oʻtkazilganda esa Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak: saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida siyosiy partiya rahbari yoki partiyaning tegishli viloyat, tuman, shahar organi rahbari tomonidan imzolangan ariza; siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida toʻrt oy oldin roʻyxatga olinganligi haqidagi maʼlumotnoma. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilgach, tegishli saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt qayd etilgan maʼlumotnoma beradi. Saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddatda partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar roʻyxati arizalarning kelib tushish navbati tartibiga qarab matbuotda eʼlon qilinadi.