Saylov kodeksi 9-modda. Saylov okruglarini tuzish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun yetmish beshta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda Markaziy saylov komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan har besh yilda bir marta tuziladi. Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar roʻyxati (bundan buyon matnda partiya roʻyxati deb yuritiladi) asosida Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha bir mandatli saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi. Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlaridagi deputatlik oʻrinlariga teng miqdorda tuziladi. Bir mandatli saylov okrugidan Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi. Yangi tashkil etilgan viloyatning xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari soni Senat tomonidan belgilanadi, yangi tashkil etilgan tumanning, shaharning xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarining soni esa ushbu Kodeks 88-moddasining talablari inobatga olingan holda tegishli xalq deputatlari viloyat, Toshkent s