Saylov kodeksi 98-modda. Saylovni davlat tomonidan moliyalashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovga, mahalliy Kengashlarga saylovga, shu jumladan boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Mahalliy Kengashlarning boʻshab qolgan deputatlik oʻrinlari uchun saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar har yili qabul qilinadigan mahalliy budjetlarning xarajatlari qismida nazarda tutiladi. Chet davlatlarning, ular jismoniy va yuridik shaxslarining hamda xalqaro tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan saylovni moliyalashtirish hamda nomzodlar va siyosiy partiyalarni moddiy jihatdan boshqacha tarzda qoʻllab-quvvatlash taqiqlanadi. Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar saylov oʻtkazish uchun oʻz mablagʻlarini ixtiyoriy ravishda berishi mumkin. Bu mablagʻlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi jarayonida ulardan foydalanish uchun qabul qilib olinadi.