Ichki nazorat pudratchi tomonidan kamchiliklarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish va ularning oldi olish boʻyicha choralar koʻrish maqsadida amalga oshiriladi. Ichki nazorat boʻyicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan boʻlishi kerak. Ichki nazorat boʻyicha mutaxassis: shaharsozlik hujjatlarining shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq butligi yuzasidan kirish nazoratini; qurilish materiallarini, konstruksiyalarini, buyumlarini va uskunalarini albatta tashqi koʻzdan kechirishdan oʻtkazgan holda, ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga, ish chizmalariga, pasportlarga, sertifikatlarga va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan kirish nazoratini; texnik va mualliflik nazorati boʻyicha mutaxassislar ishtirokida muhim konstruksiyalarni ularning tayyor boʻlishiga qarab qabul qilib olish yoʻli bilan qurilish jarayonlari texnologiyalariga rioya etilishiga doir operatsiyalar boʻyicha nazoratni; tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarini qabul qilib olish nazoratini amalga oshiradi. Ichki nazorat boʻyicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin. Qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilish pudratchining qurilish laboratoriyasi yoki shartnoma asosida jalb etiladigan tashkilot tomonidan taʼminlanadi.