Shaharsozlik kodeksi 34-modda. Shaharsozlik faoliyatini sugʻurta qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari boʻyicha qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sugʻurta qilish amalga oshiriladi. Binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, mashinalar, ularning ehtiyot qismlari, materiallar va qurilish maydonidagi hamda sugʻurta shartnomasida belgilangan qurilish va montaj predmetidan iborat boʻlgan boshqa mol-mulk, shuningdek qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda uchinchi shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga zarar yetkazilganligi uchun sugʻurta qildiruvchining javobgarligi sugʻurta obyektlaridir. Obyektlarni davlat kapital qoʻyilmalari hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sugʻurta qilish xarajatlari obyekt qurilishining umumiy qiymatiga kiritilgan holda amalga oshiriladi. Boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari boʻyicha sugʻurta qilish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.