Shaharsozlik kodeksi 36-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati subyektlari va ularning huquqlari

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek fuqarolar shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati subyektlaridir, bundan jamoatchilik nazorati subyektlari buyurtmachi sifatida ishtirok etgan hollar mustasno. Jamoatchilik nazorati subyektlari aholi punktlarining bosh rejalari toʻgʻrisida ishonchli va oʻz vaqtida axborot olish huquqiga ega. Jamoatchilik nazorati subyektlarining aholi punktlari bosh rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorlarning jamoatchilik muhokamasida va qabul qilinishida ishtirok etishi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan taʼminlanadi. Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun quyidagilar tashkil etilishi mumkin: jamoatchilik kuzatuv komissiyalari; jamoatchilik ekspert komissiyalari; jamoatchilik nazorati guruhlari; jamoatchilik nazoratining boshqa tashkiliy tuzilmalari. Aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorlarning jamoatchilik muhokamasi va qabul qilinishi chogʻida jamoatchilik nazorati subyektlari quyidagi huquqlarga ega: aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorlarni muhokama qilish, ular yuzasidan takliflar kiritish va ularni tayyorlashda boshqa shaklda ishtirok etish; zarur hollarda, aholi punktining bosh rejasi tasdiqlanguniga qadar qonun hujjatlarida taqiqlanmagan mablagʻlar hisobiga uni jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazishni tashkil etish. Jamoatchilik nazorati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.