Shaharsozlik kodeksi 41-modda. Jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar kiritilishi

Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida takliflar berish huquqi oʻz qonuniy manfaatlariga daxl qilinayotgan jamoatchilik nazorati subyektlariga taqdim etiladi. Jamoatchilik nazorati subyektlarining aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflari faqat uni amalga oshirish boshlanguniga qadar qabul qilinadi. Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yozma yoki elektron shaklda beriladi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi kelib tushgan taklifni oʻn besh kun ichida koʻrib chiqadi. Aholi punktining bosh rejasiga oid oʻzgartirishlarning jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish zarurati boʻlmagan taqdirda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi arizachilarga jamoatchilik muhokamasini oʻtkazishni rad etishga doir asoslantirilgan javob yuboradi.