Ishlab chiqarish zonalarida ularning ish olib borishini taʼminlaydigan sanoat, kommunal, omborxona obyektlari, muhandislik va transportga oid infratuzilmalar obyektlari joylashtiriladi, shuningdek bunday obyektlarning sanitariya-muhofaza zonalari belgilanadi. Sanoat, kommunal va omborxona obyektlarining sanitariya-muhofaza zonasida uylar, davlat taʼlim muassasalari, nodavlat taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash, dam olish obyektlari, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish, sport inshootlari, jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun yer uchastkalari joylashtirilishiga, shuningdek qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ishlab chiqarish zonalarining hududlarini obodonlashtirish shu zonalarda joylashgan obyektlarning mulkdorlari tomonidan amalga oshiriladi.