Shaharsozlik kodeksi 67-modda. Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari

Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari havo, temir yoʻl, avtomobil, daryo transporti va quvur orqali yetkazib berish transporti, aloqa inshootlari hamda kommunikatsiyalarini va muhandislik uskunalarini joylashtirish hamda ularning ishlab turishi uchun moʻljallangan. Qulay hayot faoliyati muhitiga transport, aloqa inshootlari, kommunikatsiyalari hamda muhandislik uskunalari zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olish bunday obyektlardan to turar joylar, ijtimoiy-amaliy, rekreatsiya zonalari hududlariga qadar zarur masofa boʻlishiga, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari, qurishning maxsus normativlari hamda qoidalari talablariga rioya etilishi orqali taʼminlanadi. Transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarining, muhandislik uskunalarining yer uchastkalari, shuningdek ularning sanitariya-muhofaza zonalari chegaralaridagi hududlar ushbu yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar tomonidan obodonlashtirilishi lozim. Foydalanilishi fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri zararli taʼsir koʻrsatadigan transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarini hamda muhandislik uskunalarini aholi punktlari doirasida joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.