Shahar atrofi zonasi hududidan foydalanish hamda uning chegaralaridagi shaharsozlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning, shahar atrofi zonasiga kiruvchi aholi punktlariaro hududlarning manfaatlari inobatga olingan holda amalga oshiriladi. Shahar atrofi zonalari hududlarining zonalashtirilishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarida, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarida, shuningdek shaharlarning oʻz shahar atrofi zonalari bilan birgalikda ishlab chiqiladigan bosh rejalarida belgilanadi. Shahar atrofi zonalarida sanitariya-himoya va rekreatsiya vazifalarini bajaradigan hududlar ajratiladi. Ushbu hududlarda atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyati va boshqa xildagi faoliyat taqiqlanadi. Shahar atrofi zonasi chegaralari doirasida binolarni, inshootlarni hamda ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va kengaytirish shaharning ijro etuvchi hokimiyat organi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.