Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida 21-modda. Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga rozilik berish va rozilikni chaqirib olish tartibi

Subyekt shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish uchun rozilikni uning olinganligi faktini tasdiqlash imkonini beruvchi har qanday shaklda beradi. Shaxsga doir maxsus maʼlumotlarga ishlov berish uchun subyektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi talab etiladi. Subyekt muomalaga layoqatsiz boʻlgan yoki uning muomala layoqati cheklangan taqdirda, uning qonuniy vakili subyektning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish uchun yozma ravishda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi. Voyaga yetmagan subyektlarning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish uchun ularning ota-onalari (vasiylari, homiylari), ular yoʻqligida esa vasiylik va homiylik organlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi. Subyekt vafot etgan taqdirda, uning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish uchun rozilikni, agar subyekt hayotligi chogʻida bunday rozilikni bermagan boʻlsa, uning merosxoʻrlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida beradi. Sud tomonidan vafot etgan deb eʼlon qilingan, bedarak yoʻqolgan deb topilgan subyektning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berish uning merosxoʻrlarining yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida berilgan roziligiga koʻra amalga oshiriladi. Subyekt shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish uchun berilgan rozilikni ushbu rozilik qanday shaklda berilgan boʻlsa, shunday shaklda yoxud yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida chaqirib oladi.