Subyektning anatomik va fiziologik oʻziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir maʼlumotlar biometrik maʼlumotlardir. Subyektning nasldan-naslga oʻtgan yoki orttirilgan xususiyatlariga taalluqli boʻlgan, subyektning biologik qiyofasini tahlil qilish yoki muqobil axborot olish imkonini beradigan boshqa elementni tahlil qilish natijasi boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlar genetik maʼlumotlardir. Subyektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik maʼlumotlarga faqat mazkur subyektning roziligi mavjud boʻlgan taqdirda, bundan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini roʻyobga chiqarish, odil sudlovni amalga oshirish, ijro ishini yuritish bilan bogʻliq hollar mustasno, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishlov berilishi mumkin. Elektron shakldagi biometrik va genetik maʼlumotlardan axborot tizimlaridan tashqarida foydalanish va ularni shunday tizimlardan tashqarida saqlash faqat ulardan ruxsatsiz foydalanishni istisno etadigan axborot tashuvchi moddiy jismlarda amalga oshirilishi mumkin.