Soliq kodeksi 118-modda. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomani oʻzgartirish

Agar soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma soliq toʻlovchiga yuborilganidan keyin ushbu talabnomada koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha qarz summasi, penyalar yoki soliq haqidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarimalar summasi oʻzgarishiga olib kelgan holatlarni aniqlagan taqdirda, soliq organi ushbu soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi aniqlashtirilgan talabnomani yuborishi yoxud ilgari yuborilgan talabnomani chaqirib olishi shart. Mazkur qoida soliq toʻlovchi tomonidan soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomada koʻrsatilgan soliq, penya yoki jarimalar boʻyicha qarzlari qisman toʻlangan hollarga tatbiq etilmaydi. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi aniqlashtirilgan talabnoma yoki ilgari yuborilgan talabnomaga doir chaqiruv xati soliq toʻlovchiga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan oʻzgarishlarga olib kelgan holatlar aniqlangan kundan eʼtiboran uch kun ichida yuboriladi.