Soliq kodeksi 142-modda. Soliq auditini oʻtkazish muddatini uzaytirish

Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq auditini oʻtkazish muddati ikki oygacha, alohida hollarda esa — uch oygacha uzaytirilishi mumkin. Soliq auditini oʻtkazish muddatini uzaytirish asoslari va tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilaydi. Soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) soliq auditi oʻtkazilishini quyidagilar uchun ham uzaytirishga haqli: 1) ushbu Kodeksning 146-moddasi birinchi qismiga muvofiq hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish; 2) chet el davlat organlaridan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida axborot olish; 3) ekspertizalar oʻtkazish; 4) chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni tarjima qilish. Soliq auditi muddatini ushbu moddaning uchinchi qismi 1-bandida koʻrsatilgan asos boʻyicha uzaytirishga hujjatlar talab qilinayotgan har bir shaxs boʻyicha koʻpi bilan bir marta yoʻl qoʻyiladi. Soliq auditi muddatini uzaytirish soliq tekshiruvini oʻtkazayotgan soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) tegishli buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Soliq auditining umumiy muddati olti oydan oshishi mumkin emas. Soliq auditini oʻtkazish muddati oʻtkazilgan soliq auditi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilgan (imzolangan) kunda tugaydi.