Bevosita soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining tekshirilayotgan shaxsning hududiga yoki binosiga kirishi ushbu mansabdor shaxslar tomonidan xizmat guvohnomalari va soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) ushbu shaxsning soliq tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi (qarori) taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi. Soliq organlarining bevosita soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxslari koʻrsatilgan obyektlar toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotlarning tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asoslangan maʼlumotlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida tekshirilayotgan shaxsning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan hududlarini yoki binosini yoxud soliq solish obyektlarini koʻzdan kechirishni oʻtkazishi mumkin. Soliq organlarining soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxslariga mazkur hududlarga yoki binolarga (bundan turar-joy binolari mustasno) kirishiga toʻsqinlik qilingan taqdirda soliq organining mansabdor shaxsi oʻzi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadigan dalolatnomani tuzadi. Bunday dalolatnoma asosida soliq organi tekshirilayotgan shaxs toʻgʻrisida oʻzida mavjud boʻlgan maʼlumotlar yoki xuddi shunday soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasini mustaqil tarzda aniqlashga haqli. Tekshirilayotgan shaxs koʻrsatilgan dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda mazkur dalolatnomaga tegishli qayd kiritiladi. Soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining turar-joy binolariga ularda yashovchi jismoniy shaxslarning xoxishiga qaramay yoki xoxishiga qarshi qonunda yoki sudning qarori asosida belgilangan hollardan boshqacha tarzda kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.