Soliq kodeksi 166-modda. Soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi materiallar boʻyicha qaror qabul qilish

Soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) dalolatnomani hamda unga ilova qilingan hujjatlar va materiallarni ushbu Kodeksning 165-moddasida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagilarni nazarda tutuvchi qarorni qabul qiladi: 1) soliqlar va penyalarni qoʻshib hisoblashni yoki buni rad etishni; 2) soliq toʻlovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishni yoki buni rad etishni. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan qaror dalolatnoma koʻrib chiqilganidan keyin besh kun ichida qabul qilinadi. Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorda sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bayon etiladi, mazkur holatlarni, javobgarlikka tortilayotgan shaxs tomonidan oʻz himoyasi uchun keltirilayotgan vajlarni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa maʼlumotlar hamda ushbu vajlarni tekshirish natijalari koʻrsatiladi. Shuningdek qarorda ushbu Kodeksning shu qoidabuzarliklarni nazarda tutuvchi moddalari va qoʻllaniladigan javobgarlik choralari koʻrsatiladi. Shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorda oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs shu qaror ustidan qaysi muddat ichida shikoyat qilishga haqli boʻlsa, oʻsha muddat va qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish tartibi koʻrsatiladi. Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning qaysi aniqlangan buzilishlari uchun shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilishi lozim boʻlsa, oʻsha qoidabuzarliklar boʻyicha soliq organining vakolatli mansabdor shaxsi maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi. Ushbu huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va ularni sodir etganlikda aybdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy jazoni qoʻllash soliq organlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.