Agar transfert narxning belgilanishi ushbu Kodeksning 176-moddasi yettinchi qismida koʻrsatilgan bir yoki bir nechta soliqning (boʻnak va joriy toʻlovining) summalari kamaytirilishiga yoki zarar summasining koʻpaytirilishiga olib kelgan boʻlsa, soliq toʻlovchi soliq bazasiga va (yoki) tegishli soliqlarning (zararning) summasiga mustaqil ravishda tuzatishlar kiritishni amalga oshirishga haqli. Bunday tuzatish kiritish summalariga tuzatish kiritilishi lozim boʻlgan soliqlar boʻyicha soliq davrini (soliq davrlarini) oʻz ichiga oluvchi kalendar yil oʻtgach amalga oshiriladi. Soliq toʻlovchi qaysi bitimga nisbatan soliq bazasiga va (yoki) soliq summasiga mustaqil ravishda tuzatish kiritgan boʻlsa, oʻsha bitimni identifikatsiya qilish imkonini beradigan maʼlumotlar tegishli aniqlashtirilgan soliq hisobotiga ilova qilinadigan tushuntirishlarda koʻrsatiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatishlar kiritish: 1) yuridik shaxslar tomonidan — foyda soligʻi boʻyicha soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda; 2) jismoniy shaxslar tomonidan — jismoniy shaxsning jami yillik daromadi toʻgʻrisida deklaratsiyani topshirish muddatlarida amalga oshirilishi mumkin. Ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq amalga oshirilgan tuzatish kiritish natijalariga koʻra soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda aniqlangan toʻlanmagan soliqlar summasi tegishli soliq davri uchun foyda soligʻini (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini) toʻlash sanasidan kechiktirilmagan muddatda toʻlanishi kerak. Bunda taqdim etilgan aniqlashtirilgan hisobot boʻyicha soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan to mazkur moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan muddat tugaguniga qadar boʻlgan davr uchun toʻlanmagan soliqlar summasiga penyalar hisoblanmaydi. Kalendar yil ichida tugaydigan soliq davrlarining (hisobot davrlarining) yakunlari boʻyicha soliqlarni (boʻnak va joriy toʻlovlarni) hisoblab chiqarishda soliq toʻlovchi bitimlarning haqiqiy narxlaridan foydalanishga