Soliq kodeksi 19-modda. Soliq munosabatlarining subyektlari va hujjatlar almashish tartibi

Soliq toʻlovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar soliq munosabatlarining subyektlaridir. Soliq organlari, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, hujjatlarni elektron hujjat tarzida soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga yuboradi. Yuborilgan hujjatlar soliq toʻlovchi tomonidan oʻqib chiqilganidan keyin, lekin ushbu hujjat joʻnatilgan sanadan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi. Agar soliq toʻlovchida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti mavjud boʻlmasa, hujjatlar buyurtma xat qilib pochta orqali yuboriladi va ular joʻnatilganidan soʻng besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi. Hujjatlar soliq toʻlovchiga yoki uning vakiliga shaxsan mazkur hujjatlar olingan sana koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib topshirilishi mumkin. Soliq toʻlovchilar, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq organlariga hujjatlarni mazkur moddaning ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilganiga oʻxshash tartibda yuboradi. Bunda ushbu hujjatlar soliq organlariga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilganda — joʻnatilgan kun, pochta orqali yuborilganda besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi. Soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarda hujjatni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda mazkur shaxsni identifikatsiya va autentifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari orqali elektron hujjatni tasdiqlash ham elektron raqamli imzoga tenglashtiriladi. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hujjatlarning, elektron hujjat aylanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan hujjatlarning shakllari, mazkur hujjatlarning shakllarini toʻldirish tartibi, bunday hujjatlarni qogʻozda yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda yoxud soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborish hamda olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.