Foydani taqsimlash usuli nazorat qilinadigan bitimning taraflari oʻrtasida ushbu bitimning barcha taraflari tomonidan olingan jami foydaning amalda taqsimlanishini foydani taqqoslanadigan bitimlar taraflari oʻrtasida taqsimlash bilan taqqoslashdan iboratdir. Agar nazorat qilinadigan bitimning (nazorat qilinadigan bir turdagi bitimlar guruhining) taraflari bir vaqtning oʻzida ular bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan shaxslar ishtirokidagi bir turdagi bitimlarning taraflari boʻlsa, ushbu bir turdagi bitimlarning natijalari nazorat qilinadigan bitim natijalari bilan birgalikda baholanadi. Bunda soliq solish maqsadida nazorat qilinadigan bitim va mazkur bir turdagi bitimlar boʻyicha jami foyda nazorat qilinadigan bitim boʻyicha foydani taqsimlash tartibiga oʻxshash tartibda taqsimlanishi lozim. Agar jami foydasi ushbu moddaning qoidalarini hisobga olgan holda taqsimlanishi lozim boʻlgan yuridik shaxslar buxgalteriya hisobiga qoʻyiladigan turli talablar asosida buxgalteriya hisobini yuritsa, foydani taqsimlash usulini qoʻllash maqsadida bunday moliyaviy hisobot yagona hisobga olish talablariga moslashtirilishi kerak. Foydani taqsimlash usulidan, chunonchi, quyidagi hollarda foydalanish mumkin: 1) ushbu Kodeks 186-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlarida nazarda tutilgan usullardan foydalanish mumkin boʻlmaganda va nazorat qilinadigan bitimning (nazorat qilinadigan bir turdagi bitimlar guruhining) taraflari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatning sezilarli oʻzaro bogʻliqligi mavjud boʻlganda; 2) nazorat qilinadigan bitim taraflarining mulkida (foydalanishida) rentabellik darajasiga sezilarli taʼsir koʻrsatuvchi nomoddiy aktivlar obyektlariga doir huquqlar mavjud boʻlganda (nomoddiy aktivlar obyektlarining predmeti boʻlgan, mustaqil shaxslar tomonidan amalga oshirilgan bir turdagi bitimlar mavjud boʻlmaganda). Nazorat qilinadigan bitim taraflari oʻrtasida nazorat qilinadigan bitim boʻyicha foyda (zarar) summasini taqsimlash ushbu Kodeks 176-moddasining uchinchi va toʻrtinc