Soliq kodeksi 195-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini oʻtkazish tartibi

Tekshiruv Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori asosida uning mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkaziladi. Tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksning 182-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan bildirishnoma yoki xabarnoma olingan kundan eʼtiboran uch yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qabul qilinganligi toʻgʻrisida u qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida soliq toʻlovchini xabardor qiladi. Agar soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq soliq summasi soliq hisobotida ilgari berilganidan koʻra kam miqdorda (zarar summasi — kattaroq miqdorda) aks ettirgan holda aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etgan boʻlsa, tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror ushbu aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan kundan eʼtiboran uch yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin. Bunda tekshiruv faqat tuzatish kiritish amalga oshirilgan nazorat qilinadigan bitimga nisbatan oʻtkaziladi. Tekshiruv olti oydan oshmaydigan muddatda oʻtkaziladi. Tekshiruv oʻtkazish muddati uni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran va bunday tekshiruv oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotnoma tuzilgan kunga qadar hisoblab chiqariladi. Alohida hollarda, tekshirish oʻtkazishning mazkur muddati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) qaroriga koʻra oʻn ikki oygacha uzaytirilishi mumkin. Tekshiruv oʻtkazish muddatini uzaytirish asoslarini va tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. Chet davlat organlaridan axborot olish, soliq toʻlovchi tomonidan chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish va (yoki) oʻzbek yoki rus tiliga tarjima qilish zarur boʻlgan taqdirda, tekshiruv oʻtkazish muddati qoʻshimcha ravishda olti oydan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi m