Soliq kodeksi 196-modda. Soliq solish maqsadlarida narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim haqidagi umumiy qoidalar

Yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi (bundan buyon ushbu bobda soliq toʻlovchi deb yuritiladi) soliq solish maqsadida narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim (bundan buyon matnda narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim deb yuritiladi) tuzish haqidagi ariza bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga murojaat qilishga haqli. Soliq toʻlovchi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi oʻrtasida tuzilgan, oʻzining amal qilishi muddati davomida soliq solish maqsadida nazorat qilinadigan bitimlarda narxlarni aniqlash va (yoki) narxlarni belgilash usullarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi bitim narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim deb hisoblanadi. Narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimning maqsadi soliq toʻlovchi tomonidan tuziladigan bitimlarda bozor narxlarini qoʻllashdan iboratdir. Narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim predmeti quyidagilardan iborat: 1) nazorat qilinadigan bitimlarning hamda oʻziga nisbatan narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim tuziladigan tovarlarning (xizmatlarning) turlari va (yoki) roʻyxatlari; 2) soliq solish maqsadida narxlarni aniqlash tartibi va (yoki) narxni belgilash usullarining (formulalarining) tavsifi hamda ularning qoʻllanilish tartibi; 3) bitimlar narxlarining narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim shartlariga muvofiqligini aniqlashda foydalaniladigan axborot manbalarining roʻyxati; 4) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati; 5) narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim shartlari bajarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarning roʻyxati, ularni taqdim etish tartibi va muddatlari. Taraflarning kelishuvi boʻyicha boshqa shartlar ham narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim predmeti boʻlishi mumkin.