Soliq kodeksi 202-modda. Narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitim shartlarining barqarorligi

Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik oʻzgartirilganda narxni belgilash haqidagi bitimning narxni belgilash toʻgʻrisida bitim tuzish, unga oʻzgartishlar kiritish va uning amal qilishini tugatishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish qismiga taalluqli shartlari oʻzgarishsiz qoladi. Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda soliq toʻlovchining faoliyatiga va narx belgilashga taʼsir qiluvchi oʻzgartirishlar boʻlgan taqdirda, bitim taraflari narxni belgilash toʻgʻrisidagi bitimning matniga tegishli oʻzgartishlar kiritishga haqli.