Hech kim soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilganidan boshqa asoslar boʻyicha va tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Hech kim soliqqa oid sodir etilgan ayni bir huquqbuzarlik uchun takroran javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Agar jismoniy shaxs tomonidan sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlikda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud boʻlmasa, bu huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan javobgarlik kelib chiqadi. Yuridik shaxsning soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganligi uchun javobgarlikka tortilishiga mazkur huquqbuzarlik sodir etilganligi fakti soliq organining kuchga kirgan qarorida aniqlanganligi asos boʻladi. Yuridik shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi tegishli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda uning mansabdor shaxslarini maʼmuriy, jinoiy yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod etmaydi. Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi uni toʻlanishi kerak boʻlgan soliqlar (yigʻimlar) va penyalarning summalarini toʻlash (oʻtkazish) majburiyatidan ozod etmaydi. Shaxsning aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguniga qadar u soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb hisoblanmaydi. Javobgarlikka tortilayotgan shaxs oʻzining soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor emasligini isbotlashi shart emas. Soliqqa oid huquqbuzarlik fakti va shaxsning uni sodir etishda aybdorligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi holatlarni isbotlash majburiyati soliq organlarining yoki bunday huquqbuzarliklarni aniqlagan vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.