Soliq kodeksi 221-modda. Nazorat-kassa texnikasining, hisob-kitob terminallarining, elektron toʻlov tizimlarining va toʻlov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR-kodlarning qoʻllanilish tartibini buzish

Nazorat-kassa texnikasining, hisob-kitob terminallarining, elektron toʻlov tizimlarining va (yoki) toʻlov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR-kodlarning qoʻllanilishi majburiy boʻlgani holda, ularni qoʻllamasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar koʻrsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlarni, cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni berish majburiy boʻlgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar koʻrsatganlik, shuningdek hisob-kitob terminallari, elektron toʻlov tizimlari va (yoki) toʻlov tashkilotlarining raqamli platformalarida generatsiya qilingan maxsus QR-kodlar orqali toʻlovlarni qabul qilishni rad etganlik, — besh million soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Soliq organlarida roʻyxatga olinmagan nazorat-kassa texnikasini qoʻllagan yoki sotib oluvchiga kvitansiyalar, talonlar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bergan holda savdoni amalga oshirganlik va (yoki) xizmatlar koʻrsatganlik, — yetti million soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan hisob-kitob terminallaridan yoki toʻlov tashkilotlarining raqamli platformalaridan roʻyxatdan oʻtgan boshqa soliq toʻlovchilarga tegishli boʻlgan maxsus QR-koddan soliq toʻlovchi tomonidan foydalanilishi, — yigirma million soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Texnik talablarga muvofiq boʻlmagan yoki xizmat koʻrsatish dasturi buzilgan nazorat-kassa texnikalaridan foydalanganlik, — yigirma million soʻm miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.