Soliq kodeksi 233-modda. Yuqori turuvchi soliq organiga beriladigan shikoyatning shakli va mazmuni

Shikoyat va unga ilova qilinadigan hujjatlar soliq organiga yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin. Shikoyat uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Shikoyatda quyidagilar koʻrsatiladi: 1) jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda yashash joyi yoki shikoyat berayotgan yuridik shaxsning nomi va manzili; 2) soliq organining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjati, mansabdor shaxsning harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilayotgan shikoyat; 3) soliq organining nomi, normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjat, ustidan shikoyat berilayotgan mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi); 4) shikoyat berayotgan shaxs oʻzining huquqlari qaysi asoslarga koʻra buzilgan deb hisoblasa, oʻsha asoslar; 5) shikoyat berayotgan shaxsning talablari. Shikoyatda telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va shikoyatni oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin. Shikoyat soliq organining normativ xususiyatga ega boʻlmagan hujjati, uning mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat berayotgan shaxsning vakolatli vakili tomonidan berilgan taqdirda, shikoyatga ushbu vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Shikoyatga shikoyat berayotgan shaxsning dalillarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi mumkin.