Soliq kodeksi 234-modda. Yuqori turuvchi soliq organi tomonidan shikoyatni koʻrmasdan qoldirish

Yuqori turuvchi soliq organi, agar quyidagilarni aniqlagan boʻlsa, shikoyatni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldiradi: shikoyat shikoyatni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanmagan boʻlsa yoxud vakilning shikoyatni imzolash uchun vakolatlarini tasdiqlovchi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa; shikoyat ushbu Kodeksda belgilangan shikoyat berish muddati tugaganidan keyin berilgan va uni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomani oʻz ichiga olmagan boʻlsa yoki shikoyat berish uchun oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan boʻlsa; shikoyat boʻyicha qaror qabul qilinishiga qadar shikoyatni bergan shaxs nomidan shikoyatni toʻliq yoki qisman chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza kelib tushgan boʻlsa; ilgari aynan oʻsha asoslar boʻyicha shikoyat berilgan boʻlsa; shikoyat soliq organining ushbu Kodeksga muvofiq belgilangan tartibda ilgari shikoyat qilingan qarori ustidan berilgan boʻlsa; shikoyat ushbu Kodeksning 232-moddasida belgilangan tartib buzilgan holda berilgan boʻlsa; shikoyat ushbu Kodeksning 233-moddasi talablariga muvofiq rasmiylashtirilmagan boʻlsa; shikoyat qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida yoki soliq toʻlovchi sudga shikoyat masalasi boʻyicha murojaat qilganda berilgan boʻlsa. Shikoyatni koʻrib chiqayotgan soliq organi shikoyat olingan yoxud shikoyatni toʻliq yoki qisman chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida shikoyatni toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirish haqida qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida shikoyatni bergan shaxsga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida yozma shaklda xabar beriladi. Shikoyatni koʻrmasdan qoldirish shaxsning shikoyat berish uchun ushbu Kodeksda belgilangan muddatlarda shikoyat bilan takroran murojaat qilishiga monelik qilmaydi, bundan ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha shikoyatni koʻrmasdan qoldirish hollari mustasno.