Soliq kodeksi 252-modda. Transportda tashishni amalga oshirishda soliq bazasini aniqlashning oʻziga xos xususiyatlari

Yoʻlovchilarni, bagajni, yuklarni yoki pochtani temir yoʻl, avtomobil, havo yoki daryo transportida tashishlar amalga oshirilganda soliq bazasi soliqni qoʻshmagan holdagi tashish qiymati sifatida aniqlanadi. Imtiyozli tariflar boʻyicha yoʻl hujjatlari realizatsiya qilinganda soliq bazasi ushbu imtiyozli tariflardan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Safar boshlanguniga qadar xaridorlarga ishlatilmagan yoʻl hujjatlari uchun pullar qaytarilgan taqdirda, qaytarilishi lozim boʻlgan summaga soliqning barcha summasi kiritiladi. Safar tugatilganligi sababli yoʻl davomida yoʻlovchilarga yoʻl hujjatlari qaytarilgan taqdirda, qaytarilishi lozim boʻlgan summaga yoʻlovchilar yurishi kerak boʻlgan qolgan masofaga tegishli miqdordagi soliq summasi kiritiladi. Bunday holda soliq bazasini aniqlashda yoʻlovchilarga haqiqatda qaytarilgan summalar hisobga olinmaydi.