Tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda soliq bazasi quyidagilarni qoʻshgan holda hisoblab chiqarilgan ushbu tovarlarning qiymati sifatida aniqlanadi: 1) tovarlarning bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadigan bojxona qiymatini; 2) tovarlar Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotganda toʻlanishi lozim boʻlgan aksiz soligʻi va bojxona bojini. Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududidan ilgari olib chiqilgan tovarlarning qayta ishlash mahsulotlari ushbu hududga olib kirilayotganda soliq bazasi bunday qayta ishlashning qiymati sifatida aniqlanadi. Soliq bazasi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan bir nomdagi, turdagi va markadagi tovarlarning har bir guruhi boʻyicha alohida aniqlanadi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlarning bir turkumi tarkibida bir vaqtning oʻzida ham aksiz toʻlanadigan, ham aksiz toʻlanmaydigan tovarlar mavjud boʻlsa, soliq bazasi mazkur tovarlarning har bir guruhiga nisbatan alohida aniqlanadi. Agar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar turkumi tarkibida bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona tartib-taomiliga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududidan ilgari olib chiqilgan tovarlarning qayta ishlash mahsulotlari mavjud boʻlsa, soliq bazasi xuddi shunday tartibda aniqlanadi.