Tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardan iborat: 1) kontrakt (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma nusxasi); 2) tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan olib chiqish uchun asos boʻlgan bojxona yuk deklaratsiyasi, milliy va xorijiy elektron savdo maydonchalarida (elektron savdo platformalarida) xorijiy davlatlarga realizatsiya qilingan tovarlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqish uchun asos boʻlgan hujjatlar; 3) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan oʻtkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar ortilgan transport vositalari bojxona chegarasini kesib oʻtganligini tasdiqlovchi belgisi qoʻyilgan tovarning kuzatuv hujjatlari. Bojxona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi vositasida soliq organlariga ushbu Kodeksning 133-moddasiga muvofiq tovarlar bojxona chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos boʻladi. Tovarlar eksportga vositachi (ishonchli vakil) orqali vositachilik (topshiriq) shartnomasi boʻyicha realizatsiya qilinganda eksportni tasdiqlash uchun komitent (ishonch bildiruvchi) tomonidan qoʻshimcha tarzda soliq toʻlovchining vositachi yoki ishonchli vakil bilan tuzilgan vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning koʻchirma nusxasi) taqdim etiladi. Tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun amalga oshirilayotgan faoliyatning turiga qarab boshqa hujjatlar taqdim etilishi mumkin. Soliq toʻlovchining amalga oshiriladigan faoliyat turiga qarab nol soliq stavkasini qoʻllash huquqini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxati hamda ularni taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.