Soliq kodeksi 33-modda. Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar. Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar

Quyidagi yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlaridir: 1) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari; 2) Oʻzbekiston Respublikasining soliq solish masalalari boʻyicha xalqaro shartnomalariga muvofiq ushbu xalqaro shartnomalarni qoʻllash maqsadlari uchun Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb eʼtirof etilgan chet el yuridik shaxslari; 3) haqiqatdagi boshqaruv joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlgan chet el yuridik shaxslari, agar Oʻzbekiston Respublikasining soliq masalalari boʻyicha xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa. Ushbu moddaning birinchi qismi 3-bandining maqsadlari uchun chet el yuridik shaxsi haqiqatda boshqariladigan joy ushbu Kodeksning 34-moddasi qoidalariga muvofiq belgilanadi. Investitsiya fondining (pay fondining yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirish boshqa shaklining) boshqaruvchi kompaniyasini Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etish ushbu investitsiya fondini (pay fondini yoki jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirishning boshqa shaklini) Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etish uchun asos boʻlmaydi. Mazkur fondlar (jamoaviy investitsiyalarni amalga oshirishning boshqa shakllari) boshqaruvchi sheriklar yoki boshqa shaxslar tomonidan boshqarilgan taqdirda ham shunday qoidalar qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari boʻlmagan yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari deb eʼtirof etiladi.