Soliq kodeksi 339-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va soliq hisobotini taqdim etish tartibi

Hisobot (soliq) davrining yakunlari boʻyicha soliq summasi soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi. Hisobot davri yakunlari boʻyicha soliq summasi soliq davrining boshidan oshib boruvchi yakun bilan, agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq boʻlgan foizlardagi ulushi sifatida hisoblab chiqariladi. Soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 342-moddasida belgilangan hollarda va tartibda foyda soligʻini yoki chet davlatda toʻlangan daromadlardan olinadigan xuddi shunday turdagi toʻlangan soliqni hisobga oʻtkazish yoʻli bilan soliq summasini kamaytirishga haqli. Agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq hisoboti barcha soliq toʻlovchilar tomonidan har bir hisobot va soliq davri oʻtganidan keyin soliq boʻyicha hisobda turgan joyidagi soliq organiga taqdim etiladi. Agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq hisoboti quyidagi muddatlarda taqdim etiladi: 1) hisobot davri yakunlari boʻyicha — hisobot davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay; 2) soliq davri yakunlari boʻyicha — soliq davri oʻtgandan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay. Budjet tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan soliq boʻyicha soliq hisoboti soliq davri yakunlariga koʻra taqdim etiladi, bundan matlubot kooperativlari mustasno. Bunda oʻtgan soliq davri yakunlari boʻyicha jami daromad mavjud boʻlmagan taqdirda soliq hisobotini taqdim etish talab qilinmaydi.