Hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha soliq summasi yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi. Hisobot davri yakunlari boʻyicha soliq summasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq bazasining soliq stavkasiga muvofiq boʻlgan foizli ulushi sifatida soliq davri boshlanishidan eʼtiboran oshib boruvchi yakun tarzida hisoblab chiqariladi. Soliq hisoboti yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan har bir hisobot va soliq davri oʻtganidan keyin, soliq solinadigan obyektlar mavjudligi yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga taqdim etiladi. Soliq hisoboti yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan quyidagi muddatlarda taqdim etiladi: hisobot davri yakunlari boʻyicha — hisobot choragidan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay; soliq davri yakunlari boʻyicha — oʻtgan soliq davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay.