Soliq kodeksi 391-modda. Ortiqcha ushlangan soliq summasini qaytarish tartibi

Agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq agenti tomonidan soliq toʻlovchining daromadidan ortiqcha ushlangan soliq summasi soliq toʻlovchining yozma arizasiga asosan qaytarilishi lozim. Soliq agenti tomonidan bir soliq davri ichida ortiqcha ushlangan soliq summasi qaytariladi. Soliq toʻlovchiga ortiqcha ushlangan soliq summasini qaytarish daromadlaridan bunday soliq agenti tomonidan ushlab qolinadigan soliq toʻlovchi boʻyicha ham, boshqa soliq toʻlovchilar boʻyicha ham kelgusi toʻlovlar hisobidan budjet tizimiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan ushbu soliq summasi hisobidan, soliq agenti soliq toʻlovchining tegishli arizasini olgan kundan eʼtiboran uch oy ichida soliq agenti tomonidan amalga oshiriladi. Soliq toʻlovchiga ortiqcha ushlangan soliq summasini qaytarish soliq agenti tomonidan soliq toʻlovchining arizasida koʻrsatilgan bankdagi hisobvaragʻiga pul mablagʻlarini oʻtkazish yoʻli bilan naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi. Soliq agenti boʻlmaganda yoxud ushbu bandning ikkinchi qismida belgilangan soliq davri tugaganda, soliq toʻlovchi soliq davrining yakuniga koʻra soliq deklaratsiyasini bir vaqtning oʻzida taqdim etgan holda, ilgari soliq agenti tomonidan ortiqcha ushlangan va budjet tizimiga oʻtkazilgan soliq summasini qaytarish toʻgʻrisida soliq organiga ariza berishga haqli. Soliq davrida Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti maqomini olgan soliq toʻlovchi ushbu soliq davrida norezident maqomida toʻlagan soliq summasini qayta hisob-kitob qilishga va qaytarib olishga haqli. Soliq summasini soliq toʻlovchiga qaytarish soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 397-moddasida belgilangan tartibda koʻrsatilgan soliq davri yakuniga koʻra soliq deklaratsiyasini taqdim etgan taqdirda yashash joyi (turgan joyi) boʻyicha hisobga qoʻyilgan soliq organi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu deklaratsiyaga mazkur soliq davrida Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti maqomini tasdiqlaydigan hujjatlar ilova qilinishi kerak.