Soliq kodeksi 413-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi

Soliq solish obyektlarining oʻrtacha yillik qoldiq qiymati (oʻrtacha yillik qiymat) soliq davridagi har bir oyning oxirgi kunidagi holatga koʻra soliq solish obyektlarining qoldiq qiymatlarini (oʻrtacha yillik qiymatlarini) qoʻshishdan olingan summaning oʻn ikkidan bir qismi sifatida ortib boruvchi yakun bilan aniqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha soliq bazasi mazkur obyektlarga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan qiymat asosida aniqlanadi. Soliq bazasi har bir soliq solish obyekti boʻyicha alohida aniqlanadi. Soliq toʻlovchi tomonidan soliqni toʻlash nazarda tutilmagan faoliyat turlari amalga oshirilgan taqdirda, soliq bazasi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan mol-mulk hisobini alohida-alohida yuritish asosida aniqlanadi. Alohida-alohida hisob yuritishning imkoni boʻlmasa, soliq bazasi soliq toʻlanishi nazarda tutilgan faoliyatdan olinadigan sof tushumning jami sof tushum hajmidagi ulushiga qarab aniqlanadi.