Quyidagi yer uchastkalari jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻining (bundan buyon ushbu bobda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyektidir: 1) jismoniy shaxslarga qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun, shuningdek dehqon xoʻjaligini yuritish uchun belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalari; 2) yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalari; 3) jamoa bogʻdorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun berilgan, shuningdek yakka tartibdagi va jamoa garajlari egallagan yer uchastkalari; 4) xizmat yuzasidan berilgan chek yerlar; 5) meros boʻyicha, hadya qilinishi yoki sotib olinishi natijasida uy-joy va imoratlar bilan birgalikda mulk huquqi, egalik qilish va foydalanish huquqi ham oʻtgan yer uchastkalari; 6) qonunchilikda belgilangan tartibda mulk qilib sotib olingan yer uchastkalari; 7) tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun foydalanishga yoki ijaraga berilgan yer uchastkalari. Koʻp kvartirali uylar egallagan va koʻp kvartirali uylar mulkdorlariga umumiy foydalanish (notijorat maqsadlarda) uchun doimiy foydalanish huquqi asosida berilgan koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari soliq solish obyekti boʻlmaydi, bundan ushbu modda birinchi qismining 7-bandida koʻrsatilgan yer uchastkalari va koʻp kvartirali uylarda joylashgan yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlari mustasno.