Soliq kodeksi 46-modda. Tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilish

Tovarlarga boʻlgan mulk huquqini haq olish asosida oʻtkazish yoki haq evaziga xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatlarini bajarmaganda garovga qoʻyilgan tovarlarni ayirboshlash va oʻtkazish tovarlarni yoki xizmatlarni realizatsiya qilish deb eʼtirof etiladi. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda tovarlarga boʻlgan mulk huquqini bepul asosda oʻtkazish yoki bepul asosda xizmatlar koʻrsatish ham realizatsiya qilish deb eʼtirof etiladi. Soliq toʻlovchining vakolatli davlat organlariga yuridik va jismoniy shaxslardan undirilgan jarimalar taqsimoti tarzida mablagʻlarni olishga doir faoliyati vakolatli davlat organiga haq evaziga xizmatlar koʻrsatish sifatida eʼtirof etiladi.