Soliq kodeksi 466-modda. Daromadlarga tuzatish kiritish

Hisobot soliq davrida soliq bazasini koʻpaytirish yoki kamaytirish daromadlarga tuzatish kiritish deb eʼtirof etiladi. Daromadlarga quyidagi hollarda tuzatish kiritiladi: 1) tovarlar toʻliq yoki qisman qaytarilganda; 2) bitim shartlari oʻzgarganda; 3) narxlar oʻzgarganda, sotib oluvchi siylovlardan foydalanganda; 4) koʻrsatilgan xizmatlardan voz kechilganda. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan daromadlarga tuzatish kiritish bir yillik muddat doirasida, kafolat muddati belgilangan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha esa kafolat muddati doirasida amalga oshiriladi. Ushbu moddaga muvofiq daromadlarga tuzatish kiritish ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hollar yuz berganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bunda tovarni (xizmatlarni) sotuvchi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadga tuzatish kiritishni ushbu Kodeksning 257-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiradi. Daromadlarga ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda tuzatish kiritish koʻrsatilgan hollar yuz bergan soliq davrida amalga oshiriladi. Daromadlarga tuzatish kiritish soliq toʻlovchi umumbelgilangan soliq solish tartibidan aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashga oʻtgan hollarda ham amalga oshiriladi, bundan tuzatish kiritiladigan daromadlar boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash hollari mustasno.