Soliq kodeksi 472-modda. Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslar tomonidan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi

Ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda qoʻllaniladi: 1) yuridik shaxslar qonunchilikda belgilanadigan hududlarga joylashtirilganda; 2) chet ellik investorlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari Oʻzbekiston Respublikasining kafolati berilmagan holda amalga oshirilganda; 3) yuridik shaxslarning ustav fondida (ustav kapitalida) chet ellik ishtirokchilarning ulushi kamida 33 foiz, aksiyadorlik jamiyatlari uchun esa kamida 15 foiz boʻlganda; 4) chet el investitsiyalari erkin ayirboshlanadigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik asbob-uskuna tarzida kiritilganda; 5) ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari berilganligi natijasida ularning qoʻllanilishi muddati mobaynida olingan daromadlarning kamida 50 foizi ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish maqsadida reinvestitsiyaga yoʻnaltirilganda. Ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini olgan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxs imtiyozlar berilgan muddat oʻtganidan keyin bir yil oʻtmasidan oldin faoliyatini tugatgan taqdirda, chet ellik investorning foydasini oʻz mamlakatiga oʻtkazish va kapitalini xorijga olib chiqib ketish faqat berilgan soliq imtiyozlari summalarining oʻrni budjetga qoplanganidan keyin amalga oshiriladi. Ushbu bobda nazarda tutilgan shartlarga nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda, ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini olgan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxs belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan davr uchun soliqlar ushbu Kodeksning VIII boʻlimida nazarda tutilgan penyalar qoʻllanilgan holda, umumbelgilangan tartibda toʻlanadi.