Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi: 1) foyda soligʻi boʻyicha — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq organida hisobda turgan va ayrim hududlarida amalga oshirilayotgan faoliyatdan daromadlar olayotgan soliq toʻlovchilarga nisbatan qoʻllaniladi; 2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirish chogʻida qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan soliq toʻlovchilar uchun qatʼiy belgilangan miqdorlardagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi har chorakda yigirma besh ming soʻm miqdorida toʻlanadi; 3) ijtimoiy soliq boʻyicha: yuridik shaxslar uchun (bundan budjet tashkilotlari mustasno) — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarning mehnatiga haq toʻlash fondiga nisbatan qoʻllaniladi; Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun — yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida; 4) aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha — 1 foiz. Mazkur soliq stavkasi soliq toʻlovchilarga nisbatan ular tushumining Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hududlarida amalga oshirilayotgan faoliyatidan olinadigan qismiga nisbatan qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasining alohida hududlarida joylashgan koʻchmas mulk obyektlariga va yer uchastkalariga, shuningdek ushbu hududlarda foydalaniladigan suv resurslariga nisbatan mazkur Kodeksning 415 , 422 , 429 , 437 va 445-moddalarida belgilangan mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,1 koeffitsiyent qoʻllaniladi.