Soliqni hisoblab chiqarish tartibi soliq bazasidan, soliq stavkasidan, shuningdek mavjud boʻlgan taqdirda, soliq imtiyozlaridan kelib chiqqan holda soliq davri uchun soliq summasini hisob-kitob qilish qoidalarini belgilaydi. Soliqni hisoblab chiqarish soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda bu majburiyat soliq organiga yoki soliq agentiga yuklatilishi mumkin. Agar mazkur Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchilar va soliq agentlari soliqlar hamda yigʻimlarni mustaqil ravishda toʻlaydi. Soliqni toʻlash soliqning toʻliq summasi boʻyicha yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqacha tartibda amalga oshiriladi. Agar soliq boʻyicha soliq davri bir necha hisobot davrini tashkil etsa, ulardan har birining natijalari boʻyicha joriy toʻlovlar toʻlanadi. Joriy toʻlovlarni toʻlash majburiyati soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatga tenglashtiriladi. Alohida soliq turlari uchun boʻnak toʻlovlari nazarda tutilishi mumkin. Boʻnak toʻlovlarini toʻlash majburiyati soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatga tenglashtiriladi. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlarni banklar orqali naqd pulsiz shaklda toʻlaydi. Soliqlar va yigʻimlarni turlari boʻyicha hisoblab chiqarish tartibi hamda toʻlash muddatlari ushbu Kodeksning Maxsus qismida belgilanadi.