Soliq toʻlovchi oʻzining soliq majburiyatini, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, mustaqil ravishda bajaradi. Yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanmaydigan jismoniy shaxs boʻlgan soliq toʻlovchining soliq majburiyati oʻzga jismoniy shaxs tomonidan bajarilishi mumkin. Bunda soliq toʻlovchi uning soliq majburiyati oʻzga jismoniy shaxs tomonidan bajarilishi natijasida olgan moddiy naf soliq solish maqsadlarida shu soliq toʻlovchining daromadi deb eʼtirof etilmaydi. Oʻzga shaxs oʻzi tomonidan soliq toʻlovchi uchun toʻlangan soliqning qaytarilishini talab qilishga haqli emas. Soliq majburiyati soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan muddatda bajarilishi kerak. Soliq majburiyatini bajarish muddatlari kalendar sana yoki vaqt davri (yil, chorak, oy, oʻn kunlik va kun) oʻtishi bilan belgilanadi. Muddatning oʻtishi kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qoʻyilgan voqea yuz berganidan keyingi kundan boshlanadi. Soliq majburiyati ushbu majburiyatni bajarish muddatining soʻnggi kuni soat yigirma toʻrtga qadar bajarilishi kerak. Agar soliq majburiyatini bajarish muddatining soʻnggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga toʻgʻri kelsa, undan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi. Soliq toʻlovchi soliq majburiyatini muddatidan oldin bajarishga haqli. Soliq majburiyatini bajarish muddati ushbu Kodeksning 97 — 102-moddalarida nazarda tutilgan tartibda oʻzgartirilishi mumkin. Soliq toʻlovchi tomonidan soliq majburiyatining bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi unga soliq organi tomonidan soliq qarzini toʻlash toʻgʻrisida talabnoma yuborilishi uchun asos boʻladi. Soliq toʻlovchi tomonidan soliq majburiyati bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, soliq organlari ushbu majburiyatning majburiy tartibda bajarilishi yuzasidan ushbu Kodeksning 15-bobida nazarda tutilgan choralarni koʻrishi va (yoki) uning bajarilishini taʼminlashga doir ushbu Kodeksning 13-bobida nazarda tutilgan choralarni q