Soliqlarni va yigʻimlarni belgilovchi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchilarni hamda ushbu soliqlarning va yigʻimlarning boshqa barcha elementlarini, shu jumladan ularni toʻlash muddatlari va tartibini aniqlab berishi kerak. Soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq toʻlovchilar bilan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni toʻgʻri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shart. Bunda soliq organlari soliq toʻlovchilarning qonuniy faoliyatiga asossiz toʻsiqlar yaratishga haqli emas, soliq toʻlovchilar esa soliq organlari oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratishi kerak.