Ishonchli boshqaruvchi ishonchli boshqaruv shartnomasi tuzilgan sanadan eʼtiboran ishonchli boshqarish shartnomasi boʻyicha soliq majburiyatlarini bajaradi. Ishonchli boshqaruvni taʼsis etuvchi (naf oluvchi), mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilishi munosabati bilan oʻzida yuzaga keladigan soliq majburiyatlarini, agar soliq majburiyatlarini bajarish (qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha majburiyatlardan tashqari) ishonchli boshqaruvchiga yuklatilmagan boʻlsa yoxud mol-mulk Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlgan ishonchli boshqaruvchiga ishonchli boshqarishga topshirilgan taqdirda, mustaqil ravishda bajaradi. Ishonchli boshqaruvchi soliq solish obyektlarining va (yoki) soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning hisobini ishonchli boshqaruvni taʼsis etuvchining (naf oluvchining) manfaatlarida amalga oshiriladigan ishonchli boshqaruv faoliyati boʻyicha va boshqa faoliyat boʻyicha alohida-alohida yuritishi shart. Agar ishonchli boshqaruvni taʼsis etuvchi (naf oluvchi) uchun soliq majburiyatini bajarish, shuningdek soliq hisobotini va moliyaviy hisobotni tuzish hamda taqdim etish boʻyicha majburiyatni bajarish ishonchli boshqaruvchiga yuklatilgan boʻlsa, bunday soliq majburiyatini bajarish ishonchli boshqaruvchi hisoblanuvchi shaxs nomidan ushbu Kodeksning Maxsus qismida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Agar ishonchli boshqaruvchi soliqlarni hisoblash va toʻlash boʻyicha ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmagan yoki toʻliq hajmda bajarmagan boʻlsa, ularni bajarish majburiyati ishonchli boshqaruvni taʼsis etuvchiga (naf oluvchiga) yuklatiladi.