Ijro ishi yuritishda voyaga yetmaganlarning huquqlarini ularning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari, vasiylari yoki homiylari amalga oshiradilar. Fuqarolik, oilaviy, mehnat, maʼmuriy huquqiy munosabatlardan hamda olingan ish haqini yoki boshqa daromadni tasarruf etish bilan bogʻliq bitimlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari asosida berilgan ijro hujjatlari ijro etilayotganda voyaga yetmaganlar qonunda nazarda tutilgan hollarda ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshirishlari va majburiyatlarni bajarishlari mumkin. Oʻn olti yoshga toʻlgan, voyaga yetmagan shaxs toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilingan taqdirda (emansipatsiya), u ijro ishi yuritishda mustaqil ravishda oʻz huquqlarini amalga oshirishi va majburiyatlarni bajarishi mumkin.