Agar davlat ijrochisi, tarjimonlar va mutaxassislar taraflarning, ular vakillarining yoki ijro ishi yuritishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning qarindoshlari boʻlsalar yoxud ijro ishi yuritish natijasidan manfaatdor boʻlsalar yoki ularning begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa, ular ijro ishi yuritishda ishtirok etishi mumkin emas va ular rad qilinishi lozim. Rad qilish uchun holatlar mavjud boʻlsa, rad qilish talablari tatbiq etiladigan shaxs oʻzini oʻzi rad qilishi shart. Xuddi shu asoslar boʻyicha undiruvchi, qarzdor yoki ularning vakillari mazkur shaxsni rad qilishlari mumkin. Rad qilish asoslangan boʻlishi, yozma ravishda bayon etilishi va ijro harakatlarini amalga oshirish boshlanguniga qadar maʼlum qilinishi kerak, rad qilish uchun asoslar mavjudligi ijro harakatlarini amalga oshirish boshlanganidan keyin maʼlum boʻlib qolgan hollar bundan mustasno. Tarjimon va mutaxassisni rad qilish toʻgʻrisidagi masalani davlat ijrochisi hal qiladi. Davlat ijrochisi tarjimon va mutaxassisni rad qilish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish natijalariga muvofiq asoslangan qaror chiqaradi, qaror katta davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Davlat ijrochisini rad qilish toʻgʻrisidagi masalani katta davlat ijrochisi hal qiladi. Katta davlat ijrochisini rad qilish toʻgʻrisidagi masalani katta davlat ijrochisining oʻzi hal qiladi. Davlat ijrochisini rad qilish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, u ijro etayotgan ijro hujjati katta davlat ijrochisi tomonidan boshqa davlat ijrochisiga oʻtkaziladi yoki katta davlat ijrochisi ijro hujjatini oʻz ish yurituviga oladi. Katta davlat ijrochisini rad qilish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, u ijro etayotgan ijro hujjati Majburiy ijro byurosining tegishli hududiy boshqarmasi tomonidan boshqa davlat ijrochisiga oʻtkaziladi. Davlat ijrochisini rad qilish qanoatlantirilmaganligi ustidan shikoyat qilish yoki protest bildirish mumkin.