Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 24-modda. Ijro hujjatiga nisbatan qoʻyiladigan talablarni buzish oqibatlari

Agar ijro hujjati ijroga topshirish muddati oʻtib ketganidan keyin yuborilgan boʻlsa yoki ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmasa, yoxud zarur hujjatlarni ularga qoʻyiladigan talablarga muvofiq holda rasmiylashtirib ijro hujjatiga ilova qilish toʻgʻrisidagi talabga rioya qilinmagan boʻlsa, davlat ijrochisi ijro hujjatini olgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida qaytarib yuboradi. Ijro hujjatini qaytarib yuborish toʻgʻrisida qaror chiqariladi, uning nusxasi qaror chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay undiruvchiga, ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga yuboriladi. Ijro hujjatini qaytarib yuborish toʻgʻrisidagi qarorda ushbu Qonunning 8-moddasida va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan qaysi talablar buzilganligi koʻrsatiladi. Ijro hujjatining yoʻl qoʻyilgan nuqsonlarni bartaraf qilish uchun qaytarib yuborilishi bunday nuqsonlar bartaraf qilinganidan keyin ijro hujjatini davlat ijrochisiga ikkinchi marta umumiy tartibda yuborish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Sud yoki boshqa organ ijro hujjatida yoʻl qoʻyilgan nuqsonlarni qaytarilgan ijro hujjati kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida bartaraf qiladi va uni takroran davlat ijrochisiga yuboradi. Ijro hujjatini qaytarib yuborish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilish yoki protest bildirish mumkin.