Qarzdordan yer uchastkasini majburiy olib qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi organi mutaxassisi albatta ishtirok etgan holda amalga oshiriladi. Davlat ijrochisi yer uchastkasini majburiy olib qoʻyish kuni va vaqti haqida qarzdorni xabardor qiladi. Yer uchastkasini majburiy olib qoʻyish kuni va vaqti haqida xabardor qilingan qarzdorning kelmaganligi ijro hujjatini ijro etishga toʻsqinlik qilmaydi. Yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi ijro hujjatining ijrosi yer uchastkasi davlat ijrochisining dalolatnomasi asosida undiruvchiga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tamomlangan hisoblanadi. Agar undiruvchining yer uchastkasiga boʻlgan tegishli huquqi roʻyxatga olinmagan boʻlsa, davlat ijrochisi oʻz qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi organiga undiruvchining ijro hujjatida koʻrsatilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish majburiyatini yuklaydi. Bunda yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi ijro hujjatining ijrosi undiruvchining yer uchastkasiga boʻlgan huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tamomlangan hisoblanadi.