Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida 74-modda. Undiruvchini koʻchirib kiritish toʻgʻrisidagi ijro hujjatini ijro etish

Undiruvchini koʻchirib kiritish toʻgʻrisidagi ijro hujjati ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun davlat ijrochisi belgilagan muddatda ijro etilmagan taqdirda, koʻchirib kiritish davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi. Koʻchirib kiritish davlat ijrochisi tomonidan undiruvchining ijro hujjatida koʻrsatilgan xonaga moneliksiz kirishini va unda yashashini taʼminlashdan iborat boʻladi. Bunda qarzdorga majburiy koʻchirib kiritish amalga oshirilayotgani va u undiruvchining yashashiga monelik qilmasligi shart ekanligi tushuntiriladi. Undiruvchini koʻchirib kiritish toʻgʻrisidagi ijro hujjatining ijro etilishiga qarzdor monelik qilgan taqdirda, ijro harakatlari xolislar ishtirokida, zarur hollarda esa — ichki ishlar organlari xodimlarining koʻmagida amalga oshiriladi. Undiruvchining yashashiga monelik qilish keyinchalik ham davom etsa, mazkur harakatlar yana amalga oshiriladi va qonunda nazarda tutilgan javobgarlik choralari qoʻllaniladi. Undiruvchini koʻchirib kiritish toʻgʻrisidagi ijro hujjatini ijro etish davlat ijrochisi tomonidan koʻchirib kiritish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi. Agar undiruvchining tegishli xonadan har kuni moneliksiz foydalanish imkoniyati taʼminlangan boʻlsa, ijro hujjati ijro etilgan hisoblanadi. Agar undiruvchini koʻchirib kiritish toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilganidan keyin qarzdor undiruvchining yashashiga yana monelik qilsa, ijro hujjati boʻyicha ijro ishi yuritish yangidan tiklanishi mumkin. Ijro hujjati boʻyicha qarzdor boʻlmagan shaxs undiruvchining yashashiga monelik qilsa, ijro ishi yuritish qayta tiklanmaydi. Bunday holda koʻchirib kiritish toʻgʻrisidagi masala sud tartibida hal qilinadi.